«Innovatsiyalar» yili. Sarhisob…

Yil yakunlanib borgani sari ortga bir nazar tashlash, oʻtib borayotgan yilni sarhisob qilish maqsadi hech kimni befarq qoldirmaydi.Yil boshida qoʻyilgan maqsadlar qanchalik amalga oshirildi yoki kelasi yil uchun qoʻshimcha motivatsiya sifatida qoldimi? Poyoniga yetayotgan ”Innovatsiyalar” yili rostmana rejalar (balki vaʼdalar) yili boʻldi. Hammani qiziqtirgan oʻsha …tezlik, …VPN, …Youtube lar atrofida aylanaverib, biror arzirli loyiha amalga oshirmadik. Hali ham eski uslubdagi yil nomidagi insholar yoki shunga oʻxshash tanlovlar bilan nimaga erishamiz hayronman? Pichoqqa ilinadigan gʻoyani shu yerdan olamiz desak yil oxirigacha musobaqalashib oʻtirishga toʻgʻri keladi (keldi ham). Falon texnologiya falon jarayon uchun yechim boʻla oldi deb ajratib koʻrsatadigan yangiliklar ham juda kam.

…“Uzauto” dasturi endi bu innovatsion gʻoya emas-da oʻrtoqlar! Shaxsan meni qiziqtirgani mana shu dasturda amal qiluvchi “Elektron raqamli imzo” ning qachon onlayn rejimda olish mumkin boʻlishligidir. Avtomobil sanoatida ham oʻzgarish qila oldik, toʻgʻrirogʻi uning marketingida. Aksiyalar, bonuslar, bepul yetkazib berish va yuqoridagi mobil ilova bu yilgi “GM Uzbekistan” ning bajargan ishlaridir. Bularsiz ham ichki bozorda savdo pasaymas edi nazarimda, qayerdandir mashina sotib olish kerak-ku axir!

Foto: kommersant.uz

Mashina haqida soʻz ochilgan ekan shu mavzuda bor oz toʻxtalsak. Har bir avtomobilda oʻzining unikal VIN (Vehicle Identification Number) raqami boʻladi.Bu haqida koʻpchilik eshitgandir, albatta bizning avtomobillarda ham mana shu ID raqam mavjud. Bu 17 belgili kod bizga mashinaning ishlab chiqaruvchisi, uning xarakteristikasi hamda chiqarilgan yili toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Avtomobilning yurgan masofasi, urilgan, qirilgan, chizilgan,…,umuman holati, moyining almashtirilgan vaqti, amaldagi egasi, kimlar egalik qilgan va shu kabi koʻplab maʼlumotlarni bitta shu raqam bilan bilib olish mumkin boʻlsa-chi?! Bunga hali bor deysizmi? Biz baribir “Amerika” ochmayapsiz, shunchaki bor “Amerika”ni tan olishni ham oʻzlashtirsak yaxshi boʻlardi. Dunyo amaliyotida anchadan beri mavjud va ishlab kelmoqda. Menimcha biz ham shu tizimga oʻtishimizning zararidan koʻra foydasi koʻproq. Toʻgʻri, bir yilda amalga oshishi qiyin ish ammo bosqichma-bosqich har bir funksiya bajaruvchilarni tizimli shakllantirib borish bilan erishsa boʻladi. Deylik, avtosalon,servislar, vulkanizatsiya boring ana “moyka”larni mana shu tizimda birlashtirish mumkin. Shu bilan har bir avtomobilning nazorati oʻrnatilgan boʻlar edi.

Foto: autocheck.com

Yil boshidan beri “raqamli iqtisodiyot” haqida gapirib kelindi va bu borada koʻplab qarorlar imzolandi, farmon loyihalari omma muhokamasiga qoʻyildi. Bu sohada qilinadigan ishlar koʻp, poydevor sifatida avval ichki toʻlov tizimlarimizni epaqaga keltirib olish kerak. Sentabr oyida Uzcard oʻziga-oʻzi muammo olib kelib, (bir oʻzing, tinchgina ishlab turganding-ku) yoʻq joydan raqobatchi tashkil etilishiga sababchi boʻlib qoldi. Bu yaxshi… “Raqamli Oʻzbekiston” konsepsiyasining asosiy omillaridan biri bu banklardir. Bu yil banklarning faoliyati juda xursand qildi. Toza raqobatni his qilishdi chamamda. Faqat shu elektron hamyonlar bilan ham ishlashni yoʻlga qoʻyishsa koʻpchilik naqd dollar ololmayotganini esdan chiqararmidi.

Esingizda boʻlsa, kriptovalyutalar savdosi, ulardan daromad soligʻi olinmasligi haqida gaplar chiqdi-yu lekin yil soʻnggiga kelib xuddi Bitcoin kursidek pastga shoʻngʻib ketdi. Birja tashkil qilish uchun ustav fondi 30 ming EKIH (taxminan 700 ming dollar) defitsiti koʻplik qildimi bilmadim…, hozircha kutish rejimidamiz.

Aytgancha, sizni Milliy kristavalyuta “Mangu” haqida xabaringiz bormi? Nega Krista deysizmi? Saytda yozilishicha:“Oʻzbekistonda ilk bor kriptovalyuta (crypto-sirli, yashirin.inglizcha.) lardan farqli, blokcheyn-fermalarga emas maxsus dasturga asoslangan, shaxsiy maʼlumotlar ochiqligi asosida harakatlanuvchi, xavfsiz, huquqiy kafolati aniq, yangicha kristavalyuta (crystal- shaffof inglizcha.) tizimini mahalliy sharoitda sinovdan oʻtkazish maqsadida.”

Foto: mangu.uz

Bu yerda aktiv maʼlum bir kurs asosida (hozirda 1 mangu = 5070 soʻm) mangu.uz birjasida sotiladi. 1 ta hamyon 3000 tadan ortiq aktiv sotib ololmaydi. 400 ta va undan oshiq aktiv egasiga saytda oʻz brendini reklama qilishi uchun maxsus piksel joy ajratib beriladi va u yerda foto joylashtirish mumkin boʻladi. Yil boʻyi Mangu aktivi 1000 soʻmdan 5070 soʻmgacha yaʼni taqriban 500 % ga oshgan. Sodda tilda tushuntirganda uni zayom desa ham boʻladi. Dizayn borasida The Million Home Page loyihasidan ilhomlanilgani koʻrinib turibdi. Xullas, tovar aylanmasida ishlatsa boʻladigan “narsa”. Nega bu haqida toʻxtalib oʻtyapman, zora shu orqali bizda ham faol birjalar ishga tushishiga poydevor qoʻyilgan boʻlsa.

Yoz oylarida frilanserlar uchun biror platforma ishga tushishi haqida yangilik chiqqan edi. Mana shu ham yangilik boʻlib qolib ketdi. Hech boʻlmaganda chet el saytlarining alternativini yaratsak ham juda katta ish qilingan boʻlardi. Masalan, Fiverr saytida barcha xizmatlar 5 dollardan boshlanadi, ruslarning Kworkʼida 500 rubldan. Bizda ham shularga oʻxshash frilanserlik xizmatlarini taklif qiluvchi sayt tashkil qilish kerak. Hozirda Olxda, Telegram kanallarida, ijtimoiy tarmoqdagi turli guruhlarda minglab frilanserlarni uchratish mumkin. Ularni bir joyga yigʻib, maxsus servisda ish faoliyatlarini taʼminlab berish kerak. Taxminan, oʻrtacha bir buyurtma uchun 50000 soʻmdan toʻlov joriy qilish mumkin boʻlsin. Bu yerda istalgan ishga eʼlon berish mumkin boʻladi, dasturlashdan to uy vazifalarigacha.

Va nihoyat yil oxirigacha hammani intrigada ushlab turgan Uztelecomʼga ham yetib keldik. Oʻzi hammasi nimadan boshlandi… (kun.uz saytidan parchalar keltiriladi) 9-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Prezident axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar koʻpligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past koʻrsatkichda ekanini qayd etdi.

Foto: uztelecom.uz

“Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy Internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli, aholining aksariyat qismi Internetdan faqat Telegramda yozishma uchun foydalanadi, xolos”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Vfokuse.org

Agar Youtube yoki Facebook oʻrniga Telegram bloklanganda mana shu internet tezligi degan muammo deyarli yoʻqolar edi.Sababi Telegramsiz internetni yigʻishtirib qoʻysak ham boʻladigan ahvoldamiz. Shundan boshqa servis bilan taʼminlanmaganligimiz uchun hattoki davlat idoralari ham messenjerga bogʻlanib qolishmoqda chunki potensial foydalanuvchining barchasi shu yerda-da. Nega bunaqa desangiz hammasi borib tezlikka taqaladi. Telegram fayl almashish, yozishmalar uchun qulay, kanallar bilan yangilik berib borish mumkin, botlarning imkoniyati baʼzi saytlarimizda ham yoʻq (Pavel akaga shu joyiga rahmat). Oʻzimizning milliy oʻzbekona kontentini yaratish kerak, hech boʻlmasa bosh sahifasi sof oʻzbek tilida boʻlsin.

Chapadagi dekabrdan 1 hafta oldingi, o'ngdagi 26-dekabrdagi natijalar. O'zgarish bor...

Xoʻsh, 1-dekabrda tezligimiz 10 barobarga oshadi deyishni oʻzi xato edi. Shaxsan men bosqichma-bosqich yil davomida yaxshilanib borishini kutgan edim. Bir yil samarasini koʻrmaganimizdan keyin birdagina qanday qilib mening ADSL liniyamda tezlik 10 barobar oshib qolishi mumkin edi. Shunday ham boʻldi, yaʼni oshmadi, arzonroq trafik boʻldi. Yil boshida taʼkidlagan 4 barobar sakrash qilish uchun toʻliq optik tolaga oʻtishimiz kerak edi. Biz esa hali ham taʼriflarimizda 512 Kb/s yozuvini ishlatib yuribmiz. Kamiga eski taʼriflardagi internet tezliklarini pasaytirib, ustidan oʻchirib mana shunchaga yaxshiladik deb koʻrsatib faqatgina oʻzimizni aldaymiz xolos.

Foto: skrin Uzonline
Teznet - 4+ ta'rifi avvalgi Life-time 2 bilan bir xil narxda. Nechta farq topdingiz?

Bu bilan hali ishlash kerakligini tushuntirishga harakat qilmoqchiman. Keyingi yilda faol investitsiya muhiti yaralishi uchun ham bizga sifatli internet kerak bo’ladi. Umuman, AKT hech bo’lmaganda 5-6 % YaIM’ini yelkasiga ola bilishi ham juda muhimdir.

Yutuqlarimiz o’zimizniki, ularni har zamonda esga olaverish bilan oldinga yura olmaymiz. Yuqoridagi fikrlar o’ta shaxsiy va shu bilan birga davlatga nolish emas balki o’z fuqarolik pozitsiyasini his qila olgan har bir shaxsga qaratilgan chaqiriq sifatida qabul qilasiz. Zero, tanqid bu haqiqatning sababchisidir.

«Innovatsiyalar» yili. Sarhisob…: 1 izoh

  • 17.03.2019 da 14:07
    Permalink

    Привет я Torsten Mayes тороплюсь поделится долгожданной новостью я прошел регистрацию 1.
    Вам тоже рекомендую, до встречи.
    Жду всех посетителей блога "Innovatsiyalar" yili.
    Sarhisob… – PRONEWS

    Javob

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

www.000webhost.com